Abu-Dabidagi mehmonxona xolida sobiq UFC chempioni Merab Dvalishviliga nisbatan sodir etilgan hujum ortidan PFL yengil vazn chempioni Usmon Nurmagomedov va voqea ishtirokchilari BAA huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushdi. Home of Fight nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya xodimlari hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Usmon va uning sheriklarini so‘roq qilmoqda.
Qonunchilikdagi me’yorlar va og‘irlashtiruvchi holat Xabarda keltirilishicha, BAA Federal jinoyatlar va jazolar to‘g‘risidagi qonunining 390-moddasiga muvofiq, hujum sodir etgan shaxs 1 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi yoki taxminan 2700 AQSH dollari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Mazkur modda bo‘yicha ish qo‘zg‘atish va javobgarlikka tortish uchun jabrlanuvchi Merab Dvalishvilining shaxsiy arizasi talab etilmaydi — ijtimoiy tarmoqlardagi videodalillarning o‘zi asos bo‘la oladi.
Shuningdek, BAA qonunchiligida uch yoki undan ortiq shaxsdan iborat guruh tomonidan hujum uyushtirilishi javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
MMA olamidagi munosabatlar Abu-Dabidagi mushtlashuv jamoatchilik va sportchilar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. UFCning ko‘plab jangchilari kutilmagan hujumni tanqid qilgan bo‘lsa, UFCning yengil vazndagi sobiq chempioni Islom Maxachev Dvalishvili avvalroq dog‘istonlik jangchilarga qarshi ko‘p bor haqoratli so‘zlar ishlatganini ta’kidlab, Usmon Nurmagomedovni qo‘llab-quvvatladi.
