Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng 2027-yilgi Osiyo kubogi muddatlarini o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilindi. Mezbonlik huquqi Saudiya Arabistonida saqlab qolingan bo‘lsa-da, musobaqa starti 350 kunga — qariyb bir yilga ortga surildi.
Dastlabki reja bo‘yicha qit’a birinchiligi 2027-yilning 7-yanvaridan 5-fevraliga qadar o‘tkazilishi kerak edi. Yangilangan taqvimga ko‘ra, turnir 2027-yil 23-dekabrda start oladi va 2028-yilning 21-yanvar kuni final bahsi bilan yakunlanadi.
Kechiktirishga nima sabab bo‘ldi? Musobaqa sanalarining o‘zgarishiga Yaqin Sharqdagi notinch harbiy-siyosiy vaziyat va xavfsizlik masalalari bevosita ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi oylarda Yamandagi husiychilar tomonidan Saudiya Arabistoni hududiga raketa va dronlar orqali uyushtirilayotgan hujumlar jiddiy xavotir uyg‘otgan. Xususan, oktabr oyida Ar-Riyod xalqaro aeroportiga berilgan zarbalar oqibatida 12 kishi halok bo‘lib, 300 dan ziyod inson jarohatlangan edi.
OFK rasmiylari mintaqadagi favqulodda holat, transport uzilishlari va logistik qiyinchiliklarni inobatga olib, ishtirokchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida turnirni yil yakuniga ko‘chirishni ma’qul topdi.
O‘zbekiston milliy jamoasining yangi taqvimi Turnir o‘tkaziladigan shahar va stadionlar o‘zgarishsiz qoldi. Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichi uchrashuvlarini quyidagi yangi sanalarda o‘tkazadi:
- 2027-yil 24-dekabr: O‘zbekiston — Iordaniya (Jidda)
- 2027-yil 28-dekabr: O‘zbekiston — KXDR (Ar-Riyod)
- 2028-yil 2-yanvar: O‘zbekiston — Bahrayn (Jidda)
