UEFA Millatlar Ligasi 2-tur uchrashuvlarida qiziqarli natijalar qayd etildi. Fransiya safarda Belgiyani mag‘lub etgan bo‘lsa, Italiya Turkiyani yirik hisobda taslim etdi. Shvetsiya esa Polsha ustidan g‘alaba qozonib, guruhdagi peshqadamligini mustahkamladi.
Fransiya Belgiyani so‘nggi daqiqalarda yengdi
Belgiya – Fransiya 0:1
Uchrashuvdagi yagona gol 88-daqiqada urildi. Maykl Olise jarima maydoniga kirib, ikki himoyachining qarshiligiga qaramay, to‘pni aniq zarba bilan darvozaga yo‘lladi.
Fransiya bosh murabbiyi Zinedin Zidan bir qator asosiy futbolchilarni, jumladan Usmon Dembele va Maykl Olyseni zaxirada qoldirdi. Keyinchalik aynan shu futbolchilar o‘yinning taqdirini hal qildi: Sherki uzatma berdi, Olise esa g‘alaba golini urdi.
Golni Zidan ham o‘ziga xos tarzda nishonladi. Fransiya murabbiyi so‘nggi daqiqalardagi g‘alabadan keyin kuchli hissiyotlarini yashira olmadi va maydon chetidagi to‘pni tepib yubordi.
Italiya Turkiyani yirik hisobda mag‘lub etdi
Turkiya – Italiya 1:4
Italiya Istanbuldagi bahsni juda faol boshladi. Bastoni 9-daqiqada hisobni ochdi, Frattezi esa 22-daqiqada farqni ikkitaga yetkazdi. 27-daqiqada Kayode uchinchi golni urib, italiyaliklarning ustunligini yanada oshirdi.
Turkiya ikkinchi bo‘lim boshida Barish Yilmaz orqali javob golini urdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Pio Espozito Italiya uchun to‘rtinchi golni kiritdi.
Shu tariqa Italiya ikki turdan keyin dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi. Turkiya esa ikkita uchrashuvdan so‘ng hali ochko jamg‘ara olmadi.
Shvetsiya Polshani mag‘lub etdi
Shvetsiya – Polsha 3:1
Shvetsiya dastlabki daqiqalardan bosimni kuchaytirib, 8-daqiqada hisobni ochdi. Polsha tanaffusga qadar javob golini urib, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda shvedlar yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Viktor Yokeresh 72-daqiqada jamoasining uchinchi golini urdi.
Shvetsiya ikki turdan keyin ketma-ket ikkita g‘alaba qayd etib, guruhda peshqadam bo‘lib oldi.
Bosniya Ruminiyani yirik hisobda yutdi
Ruminiya – Bosniya va Gersegovina 2:4
Bosniya birinchi bo‘limdayoq uchta gol urib, katta ustunlikka ega bo‘ldi. Ruminiya ikkinchi bo‘limda hisobni qisqartirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, mehmonlar yana bir gol urib, g‘alabani rasmiylashtirdi.
Ruminiya ikki turdan keyin ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib, guruh jadvalining so‘nggi pog‘onasida qoldi.
Ikki uchrashuvda ham g‘olib aniqlanmadi
Gurjiston va Ukraina 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Gurjiston yangi bosh murabbiy Ramaz Svanadze qo‘l ostidagi ilk uchrashuvda ukrainlardan ko‘proq zarba yo‘llagan bo‘lsa-da, gol ura olmadi.
Shimoliy Irlandiya va Vengriya bahsida ham hisob ochilmadi — 0:0.
S ligasida esa Chernogoriya Armanistonni 3:2 hisobida mag‘lub etdi, Latviya va Kipr uchrashuvi 0:0 natijasi bilan yakunlandi.
