Osiyo o‘yinlarining 13-kunida O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 11 turi bo‘yicha bahslarda qatnashdi. Kun yakuniga ko‘ra terma jamoamiz hisobiga 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali qo‘shildi.
🥇 Taxmina Ikromova — oltin medal!
Badiiy gimnastikada Taxmina Ikromova yakkalik ko‘pkurash finalida 112,950 ball jamg‘arib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Xitoy vakillari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Guruh mashqida qatnashgan O‘zbekiston jamoasi esa 49,850 ball bilan 4-o‘rinni oldi.
🤼♂️ Erkin kurash: Poyonovdan kumush
-97 kg vazn toifasida Sherzod Poyonov finalgacha yetib bordi. U yo‘lda Bahrayn, Mo‘g‘uliston va Hindiston vakillarini mag‘lub etdi.
Hal qiluvchi bahsda esa eronlik Amirali Azarpiyaga 0:10 hisobida imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan kifoyalandi.
Parij Olimpiadasi chempioni Ramzanbek Jamalov esa turnirni muvaffaqiyatsiz boshladi. U dastlab eronlik Yunus Imomchag‘oiyga, keyin esa bronza uchun kurash imkonini beruvchi bahsda hindistonlik Sagar Jaglanga yutqazdi.
🥋 Taekvondo: Mavlonovdan kumush, Saidovadan bronza
+80 kg vazn toifasida Marat Mavlonov finalgacha yetib bordi. U hal qiluvchi jangda eronlik Ariyan Salimiga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
+67 kg vazn toifasida esa Svetlana Saidova (Osipova) yarimfinalda Xitoy vakilasiga yutqazib, bronza medal bilan turnirni yakunladi.
🥋 Dzyudochilar ham bronza oldi
O‘zbekistonning aralash jamoaviy dzyudo jamoasi dastlab Yaponiyaga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Shundan so‘ng bronza medali uchun kurashgan jamoamiz Tayvanni 4:0, Janubiy Koreyani esa 4:2 hisobida mag‘lub etib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
⚽️ Futbolda yana penaltilar omadsizligi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bronza medali uchun Xitoyga qarshi bahsda 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Gollarni Sardorbek Bahromov va Shodiyor Shodiboyev kiritdi.
G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Afsuski, Ravshan Haydarov shogirdlari 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, Osiyo o‘yinlarini 4-o‘rinda yakunladi.
📊 Medallar jadvalidagi vaziyat
Musobaqaning asosiy bahslari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston hisobida:
🥇 21 ta oltin
🥈 25 ta kumush
🥉 24 ta bronza
O‘zbekiston uzoq vaqt umumiy reytingda 4-o‘rinda borayotgandi. Biroq 3-oktabr kungi natijalardan so‘ng Hindiston kumush medallar soni ko‘pligi sabab O‘zbekistonni ortda qoldirdi.
🇺🇿 Shunday qilib, O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida kuchli beshlikdagi o‘rnini saqlab qolish uchun so‘nggi kungacha kurash olib bordi.
