O‘zbekistonlik og‘ir vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustasi, ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov navbatdagi professional jangini muvaffaqiyatli yakunladi.
Londonda tashkil etilgan boks kechasida hamyurtimiz mezbon bokschi Solomon Dakresga qarshi ringga ko‘tarildi. Jangning dastlabki raundlaridanoq to‘liq ustunlikni o‘z qo‘liga olgan Jalolov 5-raundga kelib raqibini kuchli zarba bilan nokdaun holatiga tushirdi.
Britaniyalik bokschi jangni davom ettira olgan bo‘lsa-da, qolgan raundlarda ham o‘zbek bokschisining bosimiga dosh berishga majbur bo‘ldi. To‘liq 10 raund davom etgan bellashuv yakunida hakamlar bir ovozdan (99-91, 99-90) Jalolovning mutlaq g‘alabasini qayd etishdi.
Shu tariqa, Bahodir Jalolov professional faoliyatidagi 18-jangida 18-g‘alabasini tantana qildi (15 tasi nokaut bilan).
