Sport olami o‘z qahramonlarini tezda shohsupaga ko‘taradi va xuddi shunday tezlikda unuta oladi. Biroq ba’zi nomlar borki, ularning taqdiri har qanday fantastik dramadan ham ayanchliroq kechadi. O‘z vaqtida millionlab dollarlik gonorarlarni mensimay, Fidel Kastro Kubasining ramziga aylangan uch karra Olimpiada chempioni Feliks Savonning bugungi ahvoli jahon sport jamoatchiligini larzaga keltirdi.
Tarmoqlarda tarqalgan atigi 17 soniyalik havaskor video boks tarixining eng buyuk og‘ir vaznli afsonalaridan birining fojiali qismatini bor bo‘yicha fosh qildi.
«Yeyish uchun ovqat qidiryapman…»
Kameraga tushib qolgan holat oddiy: yo‘lovchi avtomobilida ketayotib, yo‘l chetida chiqindilar orasida nimadir izlab yurgan qariya oldida to‘xtaydi va savol beradi:
— «Nima qilyapsan bu yerda?»
Javob esa qisqa, biroq har qanday tomoshabinning etini junjiktiradigan darajada sovuq yangraydi:
— «Ovqat yig‘yapman. Yeyish uchun ovqat…»
Bu kishi oddiy uysiz yoki qashshoq emas — 1990-yillarda butun dunyo boks muxlislarini larzaga solgan, havaskor ringda raqiblarini birin-ketin qulatgan Feliks Savon edi. Bir sutka ichida millionlab marta tomosha qilingan ushbu tasvirlar darhol shov-shuv keltirib chiqardi. Mahalliy faollar va mashhurlar (xususan, kubalik qiziqchi Limay Blanko) sobiq chempionga oziq-ovqat yetkazib berishga shoshilgan bo‘lsa-da, bu yordam tizimli muammoni yashira olmadi.
Rad etilgan 25 million dollar va vatanga «sadoqat»
Feliks Savon — oddiy chempion emas edi. U:
- Ketma-ket uchta Olimpiada (Barselona-1992, Atlanta-1996, Sidney-2000) g‘olibi;
- 6 karra Jahon chempioni;
- O‘z vaznida dunyo havaskor boksining mutlaq yetakchisi edi.
1990-yillar oxirida Amerika promouterlari, xususan, afsonaviy Don King uni professional ringga olib o‘tish uchun har qanday pulni tikishga tayyor edi. O‘sha davrning eng daxshatli bokschisi Mayk Taysonga qarshi jang uchun Savonga 25 million dollar naqd taklif qilingan.
Ammo Feliks tizim mafkurasiga sodiq qoldi. Uning mashhur iqrori o‘sha yillari Kubaning bosh shioriga aylangandi:
«Men 25 million dollarni 11 million kubalikning muhabbatiga alishmayman».
Savon Kubada qoldi, faxriy ordenlar oldi, Fidel Kastroning shaxsiy do‘sti sifatida qabul qilindi. Ammo tuzum o‘z qahramonining keksaligini ta’minlay olmadi.
Shon-shuhrat ortidagi zulmat: Qamoq va tubsizlik
Savonning qulashi faqat iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq emas. 2018-yilda Kubada uning ustidan boshlangan shov-shuvli sud jarayoni sport jamoatchiligini karaxt ahvolga soldi. Sobiq chempion voyaga yetmagan shaxsga nisbatan zo‘ravonlikda ayblanib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.
2024-yilda muddatidan oldin shartli ravishda ozodlikka chiqqan 59 yoshli Savonni esa tashqarida mutlaqo hech narsa kutib turmagandi:
- Yillar davomida to‘plangan shon-shuhrat butkul yo‘qqa chiqqan;
- Sobiq muxlislar va davlat idoralari undan yuz o‘girgan;
- Jamiyatdan yakkalanib qolgan sportchi tirikchilik uchun ko‘cha supuruvchilik, farroshlik qilishga va hatto ko‘chalardan yegulik izlashga majbur bo‘lmoqda.
Afsonaning achchiq sabog‘i
Mayk Tayson bilan jang qilib, umrining oxirigacha hashamatda yashashi mumkin bo‘lgan sportchi bugun o‘z vatanida bir burda non uchun ko‘cha kezmoqda.
Feliks Savon qismati — professional sportning ulkan vasvasalari, xomxayol g‘oyalar hamda shaxsiy xatolar insonni qanchalik yuksak cho‘qqidan tubsiz jarlikka qulatishi mumkinligining eng ayanchli namunasi bo‘lib qolmoqda.
