Poytaxt ma’muriyati «Paxtakor» futbol klubini moliyalashtirish uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasidan 5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirmoqda.
Shahar hokimining 2026-yil 29-oktabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, ajratilayotgan mablag‘ klub tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi bo‘yicha sarflanishi ko‘zda tutilgan. Hujjat Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi va futbol klubining murojaatlariga asosan qabul qilingan.
Qaror ijrosi doirasida:
- Hokimning birinchi o‘rinbosari D. Xudaybergenovga mablag‘ni ajratish choralarini ko‘rish hamda «Toshkent Invest kompaniyasi» kuzatuv kengashiga tegishli taklif kiritish vazifasi yuklatildi;
- Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi ajratilgan mablag‘lar hisobidan klub ustav fondidagi ulushini oshirishi va pulning maqsadli ishlatilishini nazorat qilishi belgilandi;
- Mablag‘larning sarflanishi yuzasidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga hisobot taqdim etiladi.
Hujjatda xarajatlar aynan qaysi yo‘nalishlarga (maoshlar, infratuzilma yoki boshqa maqsadlar) taqsimlanishi alohida ochiqlanmagan.
