2026 yilgi Jahon chempionati chiptalari bilan bog‘liq vaziyat FIFA uchun yangi muammolarni yuzaga keltirdi. AQSHning bir nechta shtatlarida chiptalar narxi va sotuv jarayoni yuzasidan rasmiy tekshiruvlar boshlandi.
Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari prokuraturalari muxlislardan kelib tushgan murojaatlar asosida chipta savdosida iste’molchilar huquqlari buzilgan bo‘lishi mumkinligini o‘rganmoqda.
Shikoyatlarning asosiy qismi o‘rinlarning kutilmaganda o‘zgartirilishi, narxlarning keskin oshib ketishi va ayrim premium toifadagi chiptalar uchun qo‘shimcha qimmat segmentlarning paydo bo‘lgani bilan bog‘liq.
Rasmiylar fikricha, muxlislar chipta xarid qilayotganda barcha shartlar aniq va shaffof bo‘lishi kerak. Shu sababli FIFA’dan chiptalar narxini shakllantirish va o‘rinlarni taqsimlash jarayoni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Kaliforniya shtati ham ushbu masala yuzasidan alohida tekshiruv boshlagan. Rasmiylar muxlislarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan savdo amaliyotlari bo‘yicha tushuntirish so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham mundialga tayyorgarlik doirasida AQSHda yig‘in o‘tkazmoqda.
