O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Cannavaro Kanada bilan o‘tkazilgan nazorat uchrashuvidan so‘ng jamoa o‘yiniga baho berdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘rtoqlik uchrashuvlarining asosiy vazifasi kamchiliklarni aniqlashdir va xatolarni aynan shunday bahslarda ko‘rish foydali hisoblanadi.
Kannavaro birinchi bo‘limdagi harakatlardan mamnun bo‘lganini bildirib, futbolchilar yuqori temp va agressiv uslubda harakat qilganini qayd etdi. Uning fikricha, ikkinchi bo‘limda jamoa o‘yin ritmini yo‘qotib qo‘ydi va aynan shu holat mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi.
Italiyalik murabbiy Kanada terma jamoasining ham so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, mezbonlar safida yuqori saviyadagi futbolchilar ko‘p va bu jamoa mundialda ham jiddiy raqib bo‘la oladi.
Murabbiy sovuq ob-havo futbolchilarga ta’sir qilganini ham aytib o‘tdi. Shunga qaramay, u stadionga kelib jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
Jahon chempionati guruhi haqida gapirar ekan, Kannavaro Portugaliya va Kolumbiyani dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kiritdi. Biroq u futbolchilardan natijadan ko‘ra mundial zavqini his qilishni so‘raganini ta’kidladi.
Abduqodir Husanov haqida esa murabbiy iliq fikr bildirib, uning salohiyati juda yuqori ekanini aytdi. Kannavaroga ko‘ra, yosh himoyachi hali yanada rivojlanishi va xalqaro darajada kuchli futbolchilardan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston milliy jamoasi mundial oldidan navbatdagi nazorat uchrashuvini 8 iyun kuni Niderlandiyaga qarshi o‘tkazadi.
