O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi navbatdagi nazorat uchrashuvida Kanada bilan bahs olib bordi. Edmonton shahrida o‘tkazilgan o‘yinda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Birinchi bo‘limda jamoalar ehtiyotkor harakat qildi va darvozalar ishg‘ol etilmadi. Uchrashuvning ikkinchi yarmida esa Kanada tashabbusni qo‘lga oldi. Jonatan Osorio hisobni ochgan bo‘lsa, qo‘shimcha daqiqalarda Jeyden Nelson yakuniy natijani o‘rnatdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining bir necha o‘yindan buyon davom etayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasaldi.
Fabio Kannavaro shogirdlari uchun bu bahs mundial oldidan muhim sinov bo‘ldi. Murabbiylar shtabi kuchli mezbonlarga qarshi o‘yinda jamoaning kamchilik va ustun tomonlarini ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston endi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida 8 iyun kuni Nyu-Yorkda Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuv mundial oldidan so‘nggi jiddiy sinovlardan biri bo‘ladi.
